O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunlarini ijro etish hamda tadbirkorlikni bundan buyon rivojlanishi uchun mo‘’tadil iqlimni yaratish va tabirkorlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Hakamlik sudi tashkil qilindi.
Hakamlik muhokamasi iqtisodiy nizolarni hal etishning samarali mexanizmi bo‘lib, nizolarni hal etish tartibida maxfiylikni, tezkorlikni va tejamkorlikni ta’minlagan holda nizolashayotgan tomonlarga ular o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramasdan amaliy muloqotlar, hamkorlik munosabatlarini saqlab qolishga yo‘l qo‘yadi. Hakamlik sudining qarori ixtiyoriy ravishda ijro etilmagan holda, u majburiy ijro etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudi nizolarni hal etishning samarali mexanizmini tashkil qilish orqali yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning qonun bilan muhofaza qilinadigan huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi.